TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Saudiya Arabistoni dunyo maydonida Amerika nufuzi tushib borayotgani ortidan Qo‘shma Shtatlardan yuz o‘girib, Rossiya va Xitoyga qo‘shilishga qaror qildi, deb hisoblamoqda sharhlovchi Xalid al Jausiy.
“Ibn Salmon, ehtimol, 80-yil davomida Saudiya Arabistonining strategik ittifoqchisi bo‘lgan Amerikadan yuz o‘girishga va yangi Rossiya-Xitoy alyansiga qo‘shilishga qaror qildi. Bu nafaqat Fors ko‘rfazi mintaqasida, balki butun Yaqin Sharqdagi tubdan o‘zgarishlar haqida signal beradi”, - deyiladi ekspertning “Rai Al Youm” nashrida chop qilingan maqolasida.
Al Jausiy valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon al Saud bir necha kun ichida Rossiya va Xitoy yetakchilari bilan telefon orqali suhbatlashganini inobatga olib shunday fikrni bildirgan.
U Ar-Riyod va Vashington munosabatlari Podshohlik valiahd shahzodasi bilan hamkorlik qilishni istamasligini aytgan prezident Jo Bayden davrida yomonlashganini eslatgan. Xususan, Muhammad bin Salmon al Saud Amerika yetakchisining Ukrainadagi harbiy operatsiya tufayli Moskvaga qarshi kiritilgan G‘arb sanksiyalari ortidan narxni pasaytirish uchun neft qazib olishni ko‘paytirish iltimosini rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oxiridan buyon Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Saudiya Arabiston valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon al Saud o‘rtasida ikki marta telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Birinchi suhbat 3-mart, ikkinchi esa 16-aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishgan.