Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Rossiya Mudofaa vazirligi: agar Ukraina qo‘poruvchilikni davom ettirsa, Kiyevga zarba beriladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina harbiylari tomonidan Rossiyadagi obyektlarga qo‘poruvchilikka urinish davom ettirilgan taqdirda, Kiyevga zarba berish bilan tahdid qildi.
Sputnik
TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Agar Rossiya hududida qo‘poruvchilikka bo‘lgan urinishlar davom ettirilsa, Rossiya Ukrainaning qaror qabul qiluvchi markazlariga zarba beradi. Bu haqda Rossiya Mudofaa rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.
"Ukraina harbiylari tomonidan Rossiya hududida joylashgan obyektlarga zarba berilishi va qo‘poruvchilikka bo‘lgan urinishlari ko‘rapmiz. Agar shunday holatlar davom etsa, Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan bu borada qaror qabul qilinadigan markazlar, xususan, Kiyevga ham zarbalar beriladi. Rossiya armiyasi hozirgacha bu ishdan tiyilib kelgandi”, - dedi Konashenkov.
Rossiya maxsus harbiy operatsiyasi boshlangandan buyon ukrainalik jangarilar bir necha marta Rossiyaning chegaradosh viloyatlarida qo‘poruvchilik uyushtirishdi. 29-mart kuni ular Belgorod viloyatiga “Tochka-U” raketalari bilan zarba berishdi. Buning oqibatida yong‘in yuzaga kelib, sakkiz kishi jarohatlandi. 1-aprel kuni Ukrainaning ikkita vertoloti Rossiya hududiga bostirib kirib, Belgoroddagi neft bazasini o‘qqa tutdi. Bundan tashqari, Belgorod viloyatida temir yo‘llariga zarar yetkazildi.
Rossiyaning Belgorod, Kursk va Bransk viloyatlarida, Voronej viloyati va Krasnodar o‘lkasining ayrim tumanlarida hamda Qrim shimolida terrorchilik xavfining sariq darajasi joriy qilingan.
Rossiya 24-fevral kuni Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Prezident Vladimir Putin ushbu operatsiyaning maqsadi "sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish" deb atagan.
Buning uchun Ukrainani demilitarizatsiya (harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish) va denatsifikatsiya (millatchilik g‘oyalaridan tozalash) qilish talab etiladi.
Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Qurolli Kuchlar faqat harbiy infratuzilma va Ukraina qo‘shinlariga zarba bermoqda. 25-martga kelib ular birinchi bosqichning asosiy vazifalarini bajarishdi - Ukrainaning jangovar salohiyatini sezilarli darajada kamaytirishdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi endi asosiy maqsad - Donbassni ozod qilish ekanini ta’kidlagan.