TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Prezident “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
2022 yil 1-maydan chet el fuqarolariga (davlatlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlashi lozim) O‘zbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:
Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming dollar ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming dollar ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari;
boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 ming dollar ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarida qiymati 85 ming dollar ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari.
Bunda, mazkur ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.
Xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan O‘zbekistonda yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan ko‘chmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 ming dollardan 300 ming dollar ekvivalentigacha kamaytirildi.