TOShKENT, 9 apr - Sputnik. Yetim bolalarni imkon qadar munosib oilalarga farzandlikka berish choralarni ko‘rish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent shahridagi 102-zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida.
– Bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani xalqimizning yuksak ma’naviyati, iymon-insofini ko‘rsatib turibdi. Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, qanday yaxshi bo‘lar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berish choralarini ko‘rish lozim, – dedi prezident.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, ota-ona qaramog‘idan mahrum ko‘plab bolalar oilalarga qaytayotgani, 10 ta mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani sababli yopilgan.
Shuningdek, majlisda prezident barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalar ahvolini yana bir bor chuqur o‘rganib, zarur qurilish va ta’mirlash ishlarini qamrab olgan holda 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan hukumat qarori loyihasini tayyorlashni vazifa qilib qo‘ydi.
Xususan, 12 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uyida qo‘shimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot bo‘limi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini ta’mirlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 6 ta “Mehribonlik uyi”, imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 11 ta maktab-internat ta’mirga muhtoj ekanligi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, “Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlangani va 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlangani hamda nogironligi bo‘lgan 900 nafar bola protez-ortopediya moslamalari, 1 ming 100 nafar shaxs pultli aravachalar bilan ta’minlangi qayd etildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari so‘zga chiqib, o‘z hududlaridagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar ahvoli haqida ma’lumot berishdi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy muassasalar direktorlari ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.