O‘zbekistonda asfalt o‘rniga sement-beton yo‘llar quriladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 2 ming 300 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 apr - Sputnik. O‘zbekistonda kelayotgan yillardan asfalt o‘rniga sement beton yo‘llar qurishga o‘tiladi. Bu haqida prezident huzurida 7-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda ma’lum bo‘ldi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholidan kelib tushayotgan murojaatlarning 25% ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolar haqida. Ushbu munosabat bilan ichki yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha Andijon viloyatida yangi tajriba boshlangan.
Xususan, sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, 31 ta chekka mahalladagi 23 kilometr yo‘l sement-beton qoplamaga o‘tkazilgan. Bunda asfalt qoplamalarga nisbatan 600 million so‘m iqtisod qilingan, 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag‘ tejalgan.
Eng asosiysi, ushbu klaster o‘zi qurgan yangi sement-beton qoplamali yo‘llarni 10-yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.
Ushbu tajriba asosida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 2 ming 300 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanadi.
Undan tashqari 1-maydan boshlab yil yakuniga qadar, sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari importi bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, joriy yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda va velosiped yo‘laklari barpo etish rejalashtirilgan. Ularni ham sement-betondan qurish, loyihalashda drenaj tizimiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.