TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Fevral oyida O‘zbekiston jahondagi eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi. Bundan Jahon oltin kengashining (World Gold Council ) so‘nggi hisoboti darak bermoqda.
Shu yilning fevral oyida Jahon markaziy banklari oltin zaxiralari fevral oyida 6 tonnaga kamaygan.
Ushbu oyda O‘zbekiston yirik sotuvchi bo‘lgan va 22 tonna oltin sotib, o‘z zaxiralarini 339 tonnagacha kamaytirgan. Bu oltin zaxirasi bo‘yicha 2020-yil dekabr oyidan keyingi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
“Bu O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi birinchi yirik bitimi emas. Oltin zaxiralarini faol boshqarish o‘zgarishlar tez-tez sodir bo‘lishini anglatadi. Oltin fevral oyida sotilgandan keyin ham zaxira aktivlarining 59 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi”, deyiladi xabarda.
Boshqa sof sotuvlar nisbatan kam. Qozog‘iston yanvarda 17 tonna oltin sotgan bo‘lsa, fevralda yana 5 tonna sotgan. Shu oyning boshqa muhim sotuvchilari Qatar (6 tonna), Mo‘g‘uliston (1 tonna) va Germaniya (1 tonna) bo‘lgan.
O‘z navbatida, Turkiya 25 tonna oltin sotib olgan va zaxirasini 429 tonnaga yetkazgan. Hindiston esa qo‘shimcha 2,7 tonna oltin xarid qilgan. Uning umumiy oltin zaxirasi 758 tonnaga yetgan. Irlandiya (1 tonna) ham oy davomida xaridlarni amalga oshirishda faollik qilib, o‘z zaxiralarini 11 tonnaga yetkazgan.