TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida toksik moddadan zaharlanib, hushini yo‘qotgan xodimlar qutqarildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 5-aprel kuni soat 19:20 da Toshkent shahar FVBga tumandagi Al-Xorazmiy ko‘chasida joylashgan AYoQShda 3 nafar xodim benzin yoqilg‘isi saqlanayotgan sisternalar oralig‘idan hushsiz holda yotganligi bo‘yicha tashvishli xabar kelib tushgan. Qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, hushsiz yotgan xodimlarni xavfli hududdan olib chiqishgan.
Birinchi yordam ko‘rsatilgandan keyin, ular Tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga topshirilgan. Ayni vaqtda toksik moddadan zaharlangan ishchilar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya bo‘limiga joylashtirilgan.
Voqea sababi o‘rganilganda, ular AYoQSh hududi yer ostiga ko‘milgan 3 dona, har biri katta sig‘imli benzin yoqilg‘isi saqlanayotgan sisternalar orasida yig‘ilib qolgan yengil yonuvchan suyuqlikning (benzin) kuchli konsentratsiyasidan hushlarini yo‘qotganligi aniqlangan.
Xabarda aytilishicha, voqea joyiga Chilonzor tuman FVB boshlig‘i rahbarligida 3 ta qutqaruv ekipajlari 15 nafar shaxsiy tarkibi, tuman prokuraturasi, IIB tezkor tergov guruhi va SSB xodimlari chiqishgan.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.