TOShKENT, 4 apr - Sputnik. “Boysun bahori” ochiq folklor festivali 7-8 may kunlari tog‘li Boysun tumanidagi so‘lim Padang qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi. Bu haqida Surxondaryo viloyati hokimligi xabar bermoqda.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida milliy kurash musobaqasi, etnosport, velomarofon, uloq-ko‘pkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak va boshqa xalq o‘yinlariga ham keng o‘rin ajratilgan. Festival yakunida eng yaxshi folklor-etnografik va eng yaxshi o‘tov-uy o‘rnatgan jamoalar, sport va xalq o‘yinlari g‘oliblari munosib taqdirlanadi.
Festivalda O‘zbekistondan 200 dan ortiq folklor jamoa vakillari ishtiroki etishi kutilmoqda. Shuningdek xorijiy davlatlarning folklor-etnografik jamoalar ham o‘z hududlariga xos libos va qadimiy kuy- qo‘shiqlar bilan ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Boysun hududida saqlanib qolgan milliy folklor namunalari – YuNESKOning “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu festival Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, Madaniyat vazirligi va yana bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.