TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Kirish imtihonlarida telefon yoki shpargalka bilan qo‘lga tushgan abituriyentlar 5-7 yilgacha chetlashtirilishi mumkin. Bu haqda Davlat test markazi (DTM) direktori Majid Karimov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, DTM Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda taqiqlangan vositalardan foydalangan abituriyentlar uchun qonuniy choralar ko‘rish yo‘llari ustida ishlamoqda.
Ta’kidlanishicha, abituriyentlar imtihonga kiritishda barmoq izi, face-kontrol orqali tekshiriladi va shu orqali ular qattiq nazoratga olinadi.
“Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan abituriyentlarning imtihonda qatnashishini cheklash masalasi ko‘rilyapti. Bu borada xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Tartibni buzgan abituriyentlar 5-7 yilgacha umuman qabul imtihonida ishtirok etmasligi, agar OTMda o‘qisa, talabalikdan chetlashtirish masalasini normativ-huquqiy jihatdan qonuniylashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqapmiz”, - dedi u markaz mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Karimov hozir kirish imtihonlarida tartib buzgan, taqiqlangan narsalardan foydalangan abituriyentlar test jarayonlaridan chetlashtirilishi, biroq ularga biror qonuniy chora ko‘rilmasligini qaytd etdi. Chunki buning uchun hech qanday huquqiy-normativ asos yo‘q.