TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Andijon viloyati Marhamat tuman sudi maktab o‘qituvchilarini ota-onalardan uzr so‘rashga majbur qilgan hokim o‘rinbosari Muxtor Qurbonovga jarima jazosini tayinlandi. Bu haqda viloyat sudi axborot xizmati xabar bermoqda.
"Daryo" nashrining yozishicha, amaldor 4-fevral kuni tumandagi 72-ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qituvchilariga ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi pastligini vaj qilib, buning uchun ota-onalardan uzr so‘rashlari to‘g‘risida topshiriq bergan. Hamda buni amalga oshirtirib, ta’lim muassasasi pedagog xodimlarining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan.
Huquqbuzar sudda aybiga iqror bo‘lib, pushaymonligini bildirgan.
Sud qarori bilan Qurbonov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasi 1-qismida (ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari, ya’ni 2,7 million so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq ta’limi vazirligi Andijonda o‘qituvchilarning uzr so‘rashga majburlanishi ortidan maktab direktori va Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri, Marhamat tumani hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinganini ma’lum qilgan edi. Tuman hokimiga esa hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral boshida Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar o‘quvchilarning o‘zlashtirishi qoniqarsizligi sabab ota-onalardan uzr so‘ragani aytilgan xabar tarqalgan edi. Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov buni davlat siyosatiga qarshi harakat deb baholadi. Keyinchalik Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘qituvchilardan uzr so‘rab chiqdi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i uzrbozlikda tuman hokimini aybladi.