TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov tadbirkorlar va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning sustligi tufayli alohida rahbarlarni qattiq tanqid qildi.
Tashqi savdo faoliyatining bugungi holati va uni rag‘batlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarining tuman va shaharlari hokimlarining 31 nafar o‘rinbosari, shuningdek, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi va "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi kabi tarmoq birlashmalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Bu rahbarlar oldiga eksportchilar bilan viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida manzilli hamkorlikni faollashtirish vazifasi qo‘yilgan.
Umurzakov mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi istiqbolli bozorlarni kashf etish hamda eksportga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun yangi zaxira va imkoniyatlarni aniqlash va safarbar qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan.
Yig‘ilish yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan qo‘shimcha manzilli topshiriqlar berildi. Bosh prokuratura ularning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya tovar aylanmasini oshirish bo‘yicha keyingi choralar belgilab olingan.
Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash uchdan birga ortib, rekord daraja – 7,5 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning birinchi oylarida savdo ko‘rsatkichlari 50 foizdan ziyodga oshgan.