Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy instituti tashkil etildi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirish institutning asosiy vazifalari etib belgilangan:
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirish, ushbu sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish institutning asosiy vazifalari biri etib belgilangan.
Institut qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodoroddan olingan energiyani elektr hamda issiqlik energiyasiga aylantirish hisobiga ulardan iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari va tarmoqlarida samarali foydalanish usullarini o‘rganadi va joriy etadi.
Mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy izlanishdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizimni shakllantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash ham institutning asosiy vazifalari biri.
Institut yuridik shaxs hisoblangan davlat ilmiy tashkiloti bo‘lib, Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MChJning shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.