Sirdaryoda pora olgan soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hibsga olindi

Viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari muqaddam pora sifatida olgan pullardan 5 ming dollarini qaytarib berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Pora olgan Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi (DSB) boshlig‘i o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar bermoqda.
2021 yilda prokuratura organlari viloyatdagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida MChJning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha soliq idoralari hujjatli taftish o‘tkazishgan.
O‘sha davrda viloyat DSBda bosh inspektor bo‘lib ishlagan mansabdor aniqlangan 900 million so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar bo‘yicha belgilanishi lozim bo‘lgan 300 million so‘mlik jarima miqdorini 72 million so‘mga kamaytirib berish evaziga 14,5 ming dollar pora olgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy MChJ vakilidan muqaddam pora sifatida olgan pullardan 5 ming dollarini qaytarib berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining “pora olish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hibsga olingan.
Yana bir hokim o‘rinbosari yirik pora bilan qo‘lga tushdi
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidagi tumanlardan birining Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i fuqaroni (1998 yilda tug‘ilgan) viloyatdagi harbiy qismlardan birining orkestriga tanishlari orqali ishga kiritib qo‘yishini aytgan. U evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining "firibgarlik” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.