TOShKENT, 27 mar — Sputnik. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp amaldagi Oq uy rahbarini “amerikacha orzuni” mahv qilishda aybladi, deya yozadi RIA Novosti.
Jorjiya shtatining Kommers shahridagi tarafdorlari bilan mitingda Tramp hozirgi hukumatni Ukraina atrofidagi vaziyatda, yuqori inflyatsiya va benzin narxi ko‘tarilishida aybdor deb atadi.
“Amerika tarixidagi besh nafar yomon prezidentlarni olib, birga o‘tirg‘izsangiz, ular Jo Bayden 15 oy ichida yetkazgandek zararni yetkazishmaydi. Bir yil ichida u amerikacha orzuni o‘ldirdi”, - dedi sobiq prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQShni Bayden emas, boshqa kishi boshqarganda, Ukraina atrofidagi vaziyatlar bunday rivojlanmagan bo‘lardi.
“Demokratlar iqtisodiyotda yomonlar, inflyatsiya masalasida juda yomonlar, Ukraina masalasida yomonlar, bu hech qachon ro‘y bermasligi kerak edi”, - dedi Tramp.
Sobiq AQSh rahbari Ukraina atrofida ro‘y berayotgan voqealarni Amerikaning Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishdagi muvaffaqiyatsizliklari bilan bog‘lagan. Shuningdek, Tramp Shtatlarning NATO bilan muammolariga e’tibor qaratgan. Uning fikricha, odamlar AQShga ishonishmaydi.
Rossiya 24-fevral kuni Ukraina harbiy infratuzilmalarini yo‘q qilish va uni millatchilik g‘oyalaridan tozalash uchun maxsus harbiy operatsiya boshlagan edi. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, zarbalar faqat harbiy obyektlar va ukrain qo‘shinlariga berilmoqda.