TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Toshkent viloyati Chirchiq shahrida "Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etishdi.
“Chirchiq” texnoparki tataristonlik hamkasblarning tajribasi va bilimlari bilan amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning alohida qarori bilan rezidentlar uchun katta soliq imtiyozlari va 3-yilgacha bojxona bojidan ozod qilish ko‘zda tutilgan. ˂...˃ Yaqin yillarda bu yerda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan 100 dan ziyod mahsulotlar ishlab chiqariladi”, - dedi so‘zga chiqqan Aripov.
Minnixanov Chirchiq shahridagi bu industrial park mintaqaviy darajada Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining kengayishi uchun yaxshi hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Mazkur texnoparkning umumiy maydoni 31,2 gektar bo‘lib, bu yerda dastlabki bosqichda 2 ming 200 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovning qarorlari bilan "O‘zkimosanoat" va "Ximgrad" Chirchiq shahrida Rossiya kompaniyalarining ishlab chiqarishini mahalliylashtirishga mo‘ljallangan industrial park tashkil etmoqda. Texnopark hududida alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Qonunda belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar Texnopark ishtirokchilari, Direksiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qat’i nazar 10-yil muddatga beriladi.
Texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlari biri yuqori qiymatga ega bo‘lgan, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish, xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish.
Qolaversa, Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish vazifalardan biri sanaladi.