TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Yagona imtihon markazi imtihonlarida korrupsiya butunlay tugatilganini ma’lum qilib, fuqarolarni firibgarlardan ogohlantirdi.
Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, imtihon markazining nazariy imtihonlaridan o‘tolmagan bir fuqaroni firibgar aldab ketgan. Firibgar haydovchilik guvohnomasini olib berishda o‘z xizmatlarini taklif qilib, fuqaroni 200 ming so‘mga chuv tushirgan.
“Jabrdiyda bo‘lib qolmang. Undan ko‘ra o‘qing, bilim oling, avtomaktabingizda nazariy va amaliy bilimlaringizni mustahkamlang. Tushuning, bugun bizning imtihon tizimida korrupsiyaga chek qo‘yildi, degan gaplarimiz bekorga emas”, - deydi u.
3 fevral kuni Toshkentda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi ish boshladi. U yerda haydovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar nazariy va amaliy test sinovlaridan iborat avtomatlashtirilgan imtihondan o‘tishlari mumkin. Uning afzalliklaridan biri shundaki, fuqarolar bilimini baholashda inson omili ishtirok etmaydi, butun jarayon avtomatlashtirilgan va shaffof.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilning 4-fevralidan to 14-martiga qadar markazga avtomaktablarni tugatgan 2406 nafar odam kelgan. Shundan 347 nafarigina imtihonlardan o‘ta oldi. Qolgan 2059 nafar fuqaro yiqilgan.