TOShKENT, 14 mar — Sputnik. 14-18 mart kunlari butun respublika bo‘yicha yomg‘irli ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.
14-17 mart kunlari bir qator viloyatlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 14-16 mart kunlari esa ba’zi joylarda kuchli momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.
Shu kunlari Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyatining ba’zi joylarida biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi.
Haftaning birinchi yarmida kunduz kungi havo harorati +14...+17 darajadan, +8...+11 darajagacha o‘zgarib turadi. Chorshanba kuni esa +16...+21 iliqgacha ko‘tariladi.
18 mart juma kuni O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismidan sovuq havo massasi kirib keladi. Natijada ayrim joylarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi ehtimoli bor. Kunduz kuni havo harorati +7...+10 daraja iliqgacha pasayadi.
Hafta davomida respublikaning ba’zi joylarida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayadi. Bu ko‘rsatgich momaqaldiroq paytida 25-28 m/s gacha yetishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ham yog‘ingarchilik kuzatilib, 14-16 martda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir va qor yog‘adi.
O‘zgidromet tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, tog‘larda qor ko‘chish xavfi borligidan ogohlantirmoqda.