Samarqandda hokimlar 114ta qonunga zid qaror qabul qilgan

Ma’muriy sud xulosasiga ko‘ra, qonunga zid qarorlarning aksariyati - yer uchastkalaridan foydalanish, ijaraga berish va qaytib davlat zahirasiga olish sohalarida kelib chiqqan.
Sputnik
TOShKENT, 12 mar - Sputnik. O‘tgan 2021-yil davomida Samarqandda tuman va shahar hokimlarining 114 ta qarori haqiqiy emas deb topildi, deb xabar qilmoqda O‘zA viloyat ma’muriy sudiga asosan.
Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev ma’lum qilishiga ko‘ra, 2021-yil davomida ma’muriy sud tomonidan jami 1148 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ulardan 419tasi (36,4%) hokimlar qarorlarining qonuniyligi yuzasidan bo‘lgan.
Viloyat ma’muriy sudi ulardan 114 tasini qonnunga zid deb topgan. Xususan:
Pastdarg‘om tuman hokimi - 36 ta,
Samarqand shahar hokimi - 24 ta,
Samarqand tuman hokimi - 10 ta,
Bulung‘ur tumani hokimi - 7 ta,
Urgut, Toyloq, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlari - 5tadan,
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi 5 ta.

Ushbu qarorlarning barchasi haqiqiy emas deb topilib, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari sud tomonidan tiklandi. Hokimliklariga nisbatan 33 ta xususiy ajrim chiqarilgan.

Hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish ko‘rsatkichi 2020-yilga nisbatan 2021-yilda 16 taga oshgan.
Ma’muriy sud raisi ma’lum qilishiga ko‘ra, qonunga zid qarorlarning aksariyati yer uchastkalaridan foydalanish, ijaraga berish va qaytib davlat zaxirasiga olish sohalarida kelib chiqqan. Bunga sabab - tuman va shahar hokimlarining Yer kodeksi normalarini bilmasligi hamda ma’muriy tartib-tamoyillardagi xatoliklar deyilgan.