TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yordamchisi B.X. 5,5 mln so‘m pora olayotganda ushlandi.
DXX xabariga ko‘ra, fuqaro A.M. tumandagi "Yangiobod" mahallasi hududida tadbirkorlikni amalga oshirish uchun hokimlik orqali yer maydoni olmoqchi bo‘lgan.
Hokim yordamchisi B.X. esa unga mahalla hududidan stadion va sport majmuasi qurish uchun "E-auksion" orqali tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 60 sotix yer maydonini tanishlari orqali olib berishda yordam berishi mumkinligini aytgan. Evaziga esa undan 5,5 million so‘m pul talab qilgan. Amaldor pulni olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Avvalroq Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining o‘rinbosari 50 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan edi.