TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomonidan mart oyida Donbassdagi hujum operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rilganini tasdiqlovchi maxfiy hujjatlarni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.
“Maxsus harbiy operatsiya davomida Rossiya harbiylari ixtiyoriga Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondonligining maxfiy hujjatlari kelib tushdi. Bu hujjatlar Kiyev rejimi tomonidan 2022-yil mart oyida Donbassda hujum operatsiyasiga pinhona tayyorgarlikni tasdiqlaydi”, - dedi brifingda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ixtiyoriga kelib tushgan hujjatda Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Nikolay Balanning 2022-yil 22-yanvardagi buyrug‘i bor. Unda zarba beruvchi guruhlardan birini Donbassdagi “birlashgan kuchlar operatsiyasi” hududida hujum harakatlari uchun tayyorlash rejasi batafsil bayon qilingan.
Konashenkov Ukraina hukumati fevral oyida Donbass masalasini kuch bilan hal qilish rejasi yo‘qligi va siyosiy-diplomatik choralarga sodiqligini bildirganini eslatdi.
“Ammo Ukraina Milliy gvardiyasining maxfiy jangovar hujjatlari asli bu bayonotlarning yolg‘on ekanini tasdiqlaydi”, - dedi u.
AQSh va NATOning Ukrainaning bu operatsiyasiga qay darajada jalb qilingani masalasi hozircha qorong‘uligicha qolmoqda. Biroq amerikalik va britaniyalik instruktorlar ayrim ukrain bo‘linmalariga “NATO standarti” tayyorgarlik dasturlari bo‘yicha dars bergani ma’lum.
Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi
21 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin DXR va LXR rahbarlarining ular suverenitetini tan olishni so‘rab qilgan murojaatlariga javoban tegishli farmonlarga imzo chekdi. 24-fevral kuni esa Donbass hududida maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Ushbu maxsus harbiy operatsiyaning maqsadi – Ukrainadagi harbiy infratuzilmani yo‘q qilish va uni millatchilardan tozalash.
Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari aniq nishonga oluvchi qurollar yordamida Ukraina hududidagi harbiy obyektlarni yo‘q qilmoqda, shaharlariga, tinch aholiga zarba berilgani yo‘q.