TOShKENT, 6 mar — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Ukraina hududida bo‘lib turgan mamlakatning xalqaro yuk tashuvchi haydovchilariga yordam ko‘rsatmoqda.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, konsullik bo‘limining Call-markaziga Ukraina hududidan Rossiyaga xalqaro avtomobil nazorat punktlari (XANP) orqali o‘ta olmayotgan avtomobil tashuvchi o‘zbekistonliklardan murojaatlar kelib tushmoqda.
Murojaatlar asosida ro‘yxatlar tuzilib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Ukraina-Rossiya davlatlararo chegarasida XANP orqali transport vositalarining o‘tishiga yordam berish so‘rovi bilan rasmiy ravishda murojaat qilinmoqda. Bir vaqtning o‘zida ushbu masalalar bo‘yicha Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ham ish olib borilmoqda.
Ayni paytda Rossiya tomoni ko‘magida o‘zbekistonlik 12 nafar avtotashuvchi mamlakatga kiritilgan. Ularning 8 nafari Ukrainaning Sumi viloyatida, 3 ta avtomobil Xarkov viloyatida, 1 ta avtotransport Rossiya chegarasidan Ukrainaga o‘tuvchi “Nexoteyevka” neytral hududining nazorat o‘tkazish punktida bo‘lgan.
Xabarlarga ko‘ra, 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukraina hududida, chegara chizig‘idan uzoqroq masofada, 4 ta yuk mashinasida bo‘lib turibdi. Vaziyat barqarorlashib, xavfsiz o‘tish imkoniyati yuzaga kelgach, ularning chegaraga yetib kelishi kutilmoqda.