TOShKENT, 6 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida o‘zining yoshlik yillarini yodga oldi. Bu “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” ko‘rsatuvida namoyish etildi.
“Men o‘zim talaba bo‘lganimda ikkita joyda ishlar edim. Bizda "voyennaya kafedra" bor edi va nasoslarni "regulirovka" qilish bo‘yicha. Hozirgacha esimdan chiqmaydi, ikkita joyda yaxshi oylik olar edim. 56 so‘m bitta kafedradan, 42 so‘m bitta kafedradan”, — dedi davlat rahbari.
Oliy o‘quv yurti mutasaddilari talabalarning kelgusi faoliyatiga befarq bo‘lmasligi, o‘z navbatida talabalar ham mehnatdan qochmasligi kerak. Ammo baribir asosiy mas’uliyat rektorlar zimmasida ekani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev 4-mart kungi videoselektor yig‘ilishida barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qilgan edi. Ta’kidlanishicha, oliygohlar atrofidagi maktab va bog‘chalarda 13 ming vakant ish o‘rinlari mavjud. Kamida 10 ming nafar talabani ular uchun joylashuvi qulay bo‘lgan maktab va bog‘chalarga ishga joylashtirish mumkin.
Mutasaddilarga davlat korxonalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha har chorakda talabalar o‘rtasida tanlovlar e’lon qilib borish topshirilgan. Har bir tarmoq rahbari o‘z sohasidagi oliygohlar bilan tizimli ishlab, salohiyatli talabalarni tanlab borishi kerak bo‘ladi.