Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining nomi o‘zgardi va unga rahbar tayinlandi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda mahalla tizimidagi yangilanishlar haqida ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Unga rahbarlik qilish prezident maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenovga yuklatildi.

“Farzandlarimiz tarbiyasida nuroniylarimizning bilimlari va hayotiy tajribasidan keng foydalanishimiz zarur. Shu bois, ‘Nuroniy’ jamg‘armasi rahbari Sodiqjon Turdiyev vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘ladi. Endi mahalla tizimida ham mutlaqo yangi tizim yaratiladi”, — dedi davlat rahbari.

Joylarda bu vazifa bevosita hokimlarning zimmasiga yuklatiladi, hokim o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi. Mahalla raisi o‘z hududida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va mahallada o‘zaro hamjihatlikda ishlashni ta’minlaydi.
Shuningdek, prezident Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahallaga tushadi, mahallabay fuqarolarni qabul qilib, ularning masalalari yechimiga yordam beradi.