TOShKENT, 1 mar — Sputnik. 1 iyuldan Majburiy ijro burosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 290 mingdan ziyod otalarga farzandlari uchun aliment to‘lash yuklangan. Lekin, ularning 172 ming nafari o‘z farzandi oldidagi majburiyatini bajarishdan bosh tortib kelmoqda.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, oqibatda aliment bo‘yicha qarzdorlik 115 milliard so‘mdan oshib ketgan. O‘tgan yili Xalq qabulxonalariga aliment bilan bog‘liq 70 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.
Mirziyoyev bu borada Majburiy ijro burosining faoliyatini tanqid qildi.
“Endi aliment to‘lovlarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi. 2022-yil 1-iyuldan Majburiy ijro burosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etiladi va unga dastlab 50 milliard so‘m yo‘naltiriladi”, - dedi Mirziyoyev.
Mazkur mablag‘lar uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan alimentlarni to‘lashga ajratiladi va keyinchalik buro tomonidan undirib olinadi.