TOShKENT, 24 fev — Sputnik. O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, mamlakat fuqarolarga murojaat qildi.
Hozirda elchixonasi evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchilar ro‘yxatini tuzmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda.
Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi o‘zbekistonliklardan pasport ma’lumotlarini elchixonaning embassy@uzbekistan.org.ua elektron manziliga yuborishlari so‘ralgan.
“Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tinchlik saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda Elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz”, - deyilgan xabarda.
Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlar bilan kelishilishi bilan o‘zbekistonliklar elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.