TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni yakunladi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.
“Turkmaniston davlat jismoniy tarbiya va sport institutining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Xidir Nunnayev va Turkmaniston Demokratik partiyasi Saparmirat Turkmanboshi etrap (tuman)i qo‘mita raisi Maksat Odeshov, shuningdek, fuqarolarning tashabbuskor guruhlari tomonidan ilgari surilgan Turkmaniston prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlandi”, - deyilgan xabarda.
Turkmanistonda prezidentlikka nomzodlar siyosiy partiyalardan, shuningdek, viloyatlar va Ashxobod shahridan tashabbuskor guruhlar tomonidan ilgari suriladi.
Turkmaniston Demokratik partiyasidan Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallab turgan Serdar Berdimuhamedov nomzod bo‘lgan. Agrar partiyasi Mari viloyati rahbari o‘rinbosari Agajan Bekmirodov nomzodini ko‘rsatgan. Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi “Wepaly gurlusyk” iqtisodiy jamiyati direktori Babamirat Meredov nomzodini ilgari surgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkmanistonda 12-mart kuni navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Qonunchilikka ko‘ra, Turkmanistonda tug‘ilgan, 40 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 15-yil Turkmaniston hududida muqim yashayotgan mamlakat fuqarosi Turkmaniston prezidenti etib saylanishi mumkin. Turkmaniston prezidenti bevosita xalq tomonidan 7-yilga saylanadi.