TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir” terroristik tashkiloti tarafdorlari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda Pastdarg‘omda yashovchi A.O. boshchiligidagi sakkiz kishi ijtimoiy tarmoqlarda virtual halqa tuzib, “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni muntazam tarqatib, muhokama qilib kelganliklari aniqlangan.
Guruh yetakchisi A.O. internet orqali tashkilotning g‘oyaviy rahnamolaridan biri Qirg‘iziston fuqarosi Mahmudjon Xoldarov (laqabi Mahmud Abdulmo‘min) bilan bog‘lanib, uning ko‘rsatmalari bilan ish olib borgan.
Hozir ular qo‘lga olingan. Guruh a’zolariga nisbatan JKning 159-moddasi 1-qismi (O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244.1-moddasi 3-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.