O‘zbekistonda niqob taqishga oid talab bekor qilindi

Maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va boshqa odamlar gavjum joylarda niqob taqish tavsiya etildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekistonda fuqarolarga 1-martdan ochiq havoda niqob taqmaslikka ruxsat beriladi. Tegishli qaror Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida qabul qilindi.
Yig‘ilishda mamlakatda koronavirus bilan kasallanish holatlari kamayayotgani bois avval joriy etilgan muayan cheklovlarni olib tashlash masalalari ko‘rib chiqildi.
“Joriy yilning 1-martidan boshlab fuqarolarning ochiq havoda niqob taqmasligiga ruxsat berildi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda fuqarolarning ijtimoiy masofasini ta’minlash qiyin bo‘lgan joylarda:
jamoat transportida,
yirik savdo do‘konlarida,
ta’lim muassasalarida,
davlat va nodavlat idoralarida,
masjidlar, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroylari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va boshqa odamlar gavjum joylarda niqob taqish tavsiya etildi.
Sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiyot xodimlarining, ular koronavirus bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lishidan qat’i nazar, niqob taqishi talabi saqlab qolindi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi kunlarda yanvar oyiga nisbatan koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus 1 va 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga bemorlar yotqizilishi 7 baravarga kamaygan.
2022 yil yanvar oyida “103” tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik chaqiriqlar soni respublika bo‘yicha 34 mingta bo‘lgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich oxirgi kunlarda 20 mingtani tashkil etmoqda. Ya’ni, deyarli 1,5 barobarga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 23-martidan jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan edi. 25-martdan esa bu qoidabuzarlik uchun jarima bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1,35 mln so‘m) oshirilgan edi.