Madaniy meros obyektlariga zarar yetkazganlar 7-yilgacha qamalishi mumkin

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritildi.
Sputnik
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekistonda madaniy meros obyektlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Tegishli qonunga prezident imzo chekdi.
Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksining 132-moddasiga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish:
takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa, 7-yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Madaniy meros obyektlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Uni sodir etgan fuqarolar BHMning 3 baravarigacha (810 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslar esa 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha) miqdorda jarima tortilishi mumkin.