TOShKENT, 15 fev — Sputnik. 19 fevraldan Chess24.com sayti orqali o‘tkaziladigan eng yirik “Meltwater Champions Chess Tour” onlayn turnirlar seriyasi doirasidagi ilk musobaqa – “Airthings Masters” boshlanadi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar qildi.
Mukofot jamg‘armasi 150 ming dollarni tashkil etuvchi mazkur turnir o‘z atrofiga dunyoning eng kuchli shaxmat ustalarini jamlagani bilan ahamiyatli.
Ular orasida rapid yo‘nalishi bo‘yicha eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham bor.
Musobaqa rapid yo‘nalishida o‘tkazilib, dastlab ishtirokchilar 15 turdan iborat saralash bosqichida o‘zaro kuch sinashadi.
Shaxmatchilar to‘plagan har bir ochkosi uchun 250 dollardan mukofot olishadi.
Saralash bosqichi yakuniga ko‘ra eng yaxshi natija qayd etgan 8 nafar shaxmatchi esa pley-off bosqichida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Bu bosqichda har bir o‘yin muhim ahamiyatga ega va yutqazgan shaxmatchi uchun musobaqa tugaydi.
Qur’a natijasiga ko‘ra saralash bahslarida Nodirbek Abdusattorov kimlarga qarshi dona surishi ham ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘ra, 1-turda Abdusattorov niderlandiyalik mashhur shaxmat ustasi Anish Giri bilan kuch sinashsa, ikkinchi raundda jahon tojdori, ushbu musobaqaning amaldagi g‘olibi Magnus Karlsenga qarshi dona suradi.
Saralash bosqichida Abdusattorovga qarshi dunyo tan olgan shaxmat ustalari – Yan Nepomnyashiy (Rossiya), ayollar o‘rtasida 12-jahon chempioni Aleksandra Kostenyuk (Rossiya), dunyo reytingi peshqadamlaridan Din Lijen (Xitoy), Yan Kshishtof Duda (Polsha), Levon Aronyan (Armaniston), Shaxriyor Mamadiyorov (Ozarbayjon) va boshqalar dona surishadi.