TOShKENT, 14 fev — Sputnik. Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tadbirkor va bank manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazgan firibgar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, firibgarlikka qo‘l urishda “G.I.” MChJ rahbari J.E. gumon qilinmoqda. U “I.” MChJga tegishli internet saytlari orqali sotuvga qo‘yilgan 3-qavatli noturar binoning kadastr hujjati va MChJ rahbari imzo va muhrini qalbakilashtirgan.
Keyin bu hujjatlar bilan binoni garovga qo‘yib, bankdan 4 mlrd so‘m kredit olgan va pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Tijorat banki filiali mas’ul shaxslari J.E. taqdim etgan hujjatlarni to‘liq o‘rganmagani va kreditning maqsadli sarflanishini monitoring qilmagani oqibatida tadbirkor va bank manfaatlariga 4 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Jinoyat kodeksining “firibgarlik” va “hujjatlarni qalbakilashtirish” va “mansabga sovuqqonlik bilan qarash” moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.