Bosh vazir o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov nomzodi “Turkmaniston Demokratik partiyasi” tomonidan ilgari surildi.
Turkmanistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 12-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Turkmanistonda dushanba kunidan boshlab prezident saylovi kampaniyasi boshlandi.
Mamlakat siyosiy partiyalari o‘z quriltoylarida nomzodlarini ilgari surishadi. Turkmanistonda uchta siyosiy partiya mavjud: Turkmaniston demokratik partiyasi, Turkmaniston agrar partiyasi va Turkmaniston sanoatchilari va tadbirkorlari partiyasi.
Turkmanistonda tug‘ilgan, 40 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 15-yil Turkmaniston hududida muqim yashayotgan mamlakat fuqarosi Turkmaniston prezidenti etib saylanishi mumkin. Turkmaniston prezidenti bevosita xalq tomonidan 7-yilga saylanadi.
Turkmanistonda so‘nggi bor prezident saylovi 2017-yilda bo‘lib o‘tgan edi. Navbatdagi 2024-yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Avvalroq Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatni yosh rahbarlarga topshirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.
Keyinroq Turkmaniston Markaziy saylov komissiyasi raisi yordamchisi mamlakat prezidenti topshirig‘iga asosan 12-mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezident sayloviga tayyorgarlik boshlanganini xabar qildi.