TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida o‘tgan yili eng ko‘p qoida buzgan haydovchilarning ba’zilarini nomma-nom sanab o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida namoyish etilgan “Menimcha” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
“Yunusobod tumanidagi 17-mavzeda yashovchi haydovchi Ro‘zmetov 2021-yilning o‘zida 133 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan. Unga qonun yo‘q. Maza qilib yuribdi. Yuqori Chirchiq tumani Yassaviy mahallasida yashovchi Raimov 2021-yil 11 oyida 37 marotaba qoidabuzarlik sodir etib, oxir-oqibat jiddiy avariya sodir etgan”, - dedi Mirziyoyev.
“Bunday qo‘pol qoidabuzarliklarga jazo muqarrar ekanini ta’minlash vaqti kelmadimikan?”, – deya savol bilan yuzlandi davlat rahbari mutasaddilarga.
Mamlakatda 2021-yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlangan. 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan, 263 nafar bola halok bo‘lgan. O‘lim bilan bog‘liq avariyalar Toshkent viloyatida har 100 ming aholiga 21 ta, Jizzaxda – 16 ta, Sirdaryoda – 15 ta, Navoiy va Samarqandda – 14 tadan, Qashqadaryo va Namanganda– 13 tani tashkil etib, boshqa hududlardan ancha yuqori.
YTHlarning oldini olish uchun bundan buyon har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etiladi. Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa – 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa – 3 ball hisoblanadi. Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Bundan tashqari, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida yo‘l bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.