Parkentda arxeologik yodgorlik hududi g‘isht ishlab chiqarish korxonasiga sotib yuborilgan

Parkent tumani hokimligi noqonuniy ravishda arxeologik yodgorlik yerini xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi noqonuniy ravishda arxeologik yodgorlik yerini xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborgan. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, tumanning Istiqbol mahallasidagi “Tepa (Kultepa)” arxeologik yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018-yil 28-sentabrda tuman hokimligi tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali "U.Q.B" MChJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.
Mazkur arxeologik yodgorligi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. U Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Ushbu arxeologik yodgorlikni "U.Q.B" MChJ rahbarlari 2020-yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor "U.M.P." MChJga sotib yuborishgan. U ham o‘z navbatida, bu yerda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Sex uchun xom ashyo, ya’ni tuproq yetkazib berish majburiyatini "U.Q.B" MChJ o‘z zimmasiga olgan. Tuproq esa bu arxeologik inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, "U.M.P." MChJ mansabdor shaxslarining "Tepa (Kultepa)" arxeologik yodgorlik hududida xom g‘isht ishlab chiqarish va qazilma ishlarini olib borishi natijasida madaniy meros obyektiga 1,5 trillion so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Qoraqalpog‘istonda tarixiy yodgorlik qabristonga aylantirilgani tekshirilmoqda - foto
Hozir "U.M.P." MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining “moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish”, “hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish” va “mansabga sovuqqonlik bilan qarash” moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.