Yanvar oyida inflyatsiya 0,9 foizni tashkil etdi

2022 yilning yanvar oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,9 foizni, yillik nisbatda esa 9,8 foizni tashkil qildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 fev — Sputnik. 2022 yil yanvar oyida iste’mol bozorida tovar va xizmatlar o‘rtacha 0,9 foizga qimmatlashgan. Yillik ko‘rsatkichda (2021 yil yanvariga nisbatan) iste’mol sektorida narxlar o‘sishi 9,8 foizni tashkil etdi. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi raqamlari darak bermoqda.
Yanvar oyidagi inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga, yillik ko‘rsatkich esa 2021-yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga pastlagan.
Narxlar va tariflar o‘sishida yetakchi o‘rinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egallagan. Ular narxlari o‘rtacha 1,3 foizga oshgan. Nooziq-ovqat tovarlari 0,5 foizga, aholiga pullik xizmatlar 0,7 foizga oshdi.
Kelgusi 5-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotini qanday o‘zgarishlar kutmoqda
Bu oyda an’anaviy tarzda meva-sabzavot mahsulotlari narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik qildi. Mevalar narxi 2021-yil oxiriga nisbatan 3,1 foizga, sabzavotlar 5,8 foizga qimmatlashgan. Go‘sht mahsulotlari esa 0,4 foizga arzonlashgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga joriy yilda inflyatsiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik vazifasini qo‘ygan.