TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Sherzodxon Tojiddinxon o‘g‘li Qudratxo‘ja O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) Boshqaruv raisi lavozimiga saylandi.
Bu haqda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi a’zolarining umumiy yig‘ilishida ma’lum bo‘lgan.
UzReport xabariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi bosh direktori, Assotsiatsiya raisi Firdavs Abduxoliqov yig‘ilishda o‘z lavozimidan ozod etishni so‘radi. Bir ovozdan ariza qoniqtirilib, u lavozimidan ozod etilgan.
Abduxoliqov o‘rniga Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori va Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja saylangan.
Firdavs Abduxoliqov atrofidagi mojarolar
Avvalroq ijtimoiy tarmoqda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va “Sevimli” telekanali o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘layotgani to‘g‘risida xabar tarqalgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi holatlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi va natijalarini ma’lum qildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
“Kinematografiya agentligi bosh direktori F.F.Abduxoliqov yaqin qarindoshlari ta’sischiligidagi MChJning manfaatlarini ko‘zlab, davlat budjetidan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larining ajratilishiga erishib, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan”, - deyilgan edi xabarda.