TOShKENT, 29 yanv - Sputnik. Birinchi martdan boshlab uy-joy kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lov uchun imtiyozga ega bo‘lgan shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.
Bu haqida 28-yanvar kuni imzolangan “Aholinnig ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 58-sonli prezident farmonida aytib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2022-yil 1-martdan:
uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya pul to‘lovlari, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar to‘lab boriladi;
ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi. Bunda, har oylik kompensatsiya to‘lovi – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 so‘m) miqdorida to‘lanadi.
Yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi (289 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.
Bunda, qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.