TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Qirg‘iziston IIV tomonidan Tojikiston bilan chegaradagi mojarodan keyin “tinchlikka qarshi jinoyat” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, 27-yanvar kuni soat 18:00 atrofida Qirg‘iziston Botken tumani Ko‘k-Tosh qishlog‘i bilan Isfara tumani Samoniyen qishlog‘i o‘rtasidagi chegaraning tasdiqlanmagan qismida Tojikiston chegarachilari O‘sh-Isfana yo‘li va Isfara-Vorux avtomobil yo‘li qismini to‘sib qo‘yishdi. Qirg‘iziston chegarachilari o‘z hamkasblaridan to‘xtashni so‘rashdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki davlat mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari vakillari qurilish ishlarini to‘xtatib, yo‘lni ochishga kelishib oldilar. Biroq soat 19:30 atrofida Tojikiston chegarachilari xalqaro kelishuvlarni buzgan holda og‘ir o‘qotar qurollardan foydalanib, oddiy fuqarolar istiqomat qiluvchi Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi Chir-Dobo, Qum-Mozor, Daxma uchastkalariga, shuningdek O‘rto-Bo‘z qishlog‘idagi To‘rt-Kocho uchastkasi va Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi Qirg‘iziston IIV Ichki qo‘shinlarining 707-sonli harbiy qismi binosida hujum qilishdi.
FVV ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy aholining uylari va 707-sonli harbiy qism binosi zarar ko‘rgan, bir necha harbiy xizmatchi va bir mahalliy aholi o‘qdan tan jarohatlari olib, Botken viloyati shifoxonasiga olib kelindi.
Jabrlanuvchilarga sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi.
Tojikiston tomoni 13 kishi yaralangani, 2 kishi halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
Kechasi tomonlar o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga kelishib oldilar. Hozir chegarada vaziyat tinch.