Gaz zapravkalardagi cheklov sabab haydovchilardan Ai-80 benzinidan foydalanib turish so‘raldi

Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi gaz zapravkalarda vaqtinchalik cheklovlar saqlanib turibdi.
Sputnik
TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Energetika vazirligi O‘zbekistondagi gaz ta’minoti bo‘yicha navbatdagi ma’lumotni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Farg‘ona vodiysiga gaz ta’minotini normallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishlarni yaqin vaqt ichida yakunlash rejalashtirilgan.
Bugun ertalabdan boshlab shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat hududlarda gaz quyish shoxobchalari odatiy ish rejimida ishlay boshladi.
Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida gaz bosimi meyori pastligi bois, bu viloyatlardagi gaz quyish shoxobchalarida vaqtinchalik cheklovlar saqlanib turibdi.
“Avtomobil haydovchilariga ushbu vaziyatni tushunganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz va iloji bo‘lsa, zarur hollarda muqobil yoqilg‘i turi – AI-80 benzini yoki boshqa markalardan foydalanib turishlarini so‘raymiz.
Ertaga ertalabdan boshlab respublikadagi barcha gaz quyish shoxobchalari odatiy ish rejimida ishlay boshlaydi”, - deyilgan bayonotda.