TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekistonning qator hududlarida elektr energiyasi o‘chishi bilan bog‘liq vaziyat prezident nazoratida ekanligini ma’lum qildi.
Dastlabki o‘rganishlar bu holat umummintaqaviy energiya tizimi doirasida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatida kelib chiqqanini ko‘rsatmoqda.
“Ta’kidlash kerakki, vaziyat shaxsan prezidentimiz nazorati ostida. O‘zbekiston energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr ta’minoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida deyarli har daqiqa davlatimiz rahbariga axborot berib borilmoqda”, - deya yozdi Asadov telegram kanalida.
U barchani xotirjamlikni saqlash va sarosimaga tushmaslikka chaqirib qolgan. Asadovning so‘zlariga ko‘ra, vahimaga o‘rin yo‘q.
Markaziy Osiyodagi blekaut
25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator hududlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Energetika vazirligi Qozog‘iston elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston va atrof hududlarida elektr energiyasi ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelganini ma’lum qildi. Hozir elektr stansiyalar bosqichma-bosqich ishga tushirilib, hududlarda elektr ta’minoti tiklanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzilgan.