TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda mavjud ekstremistik kanal va sahifalar ro‘yxati yangilandi.
Oliy sudning 2021-yil 24-dekabrdagi hal qiluv qaroriga asosan ijtimoiy tarmoqlardagi bir qator kanal (guruh, material)lar ekstremistik va terroristik deb topilgan hamda O‘zbekiston hududiga olib kirish, tarqatish, tayyorlash yoki namoyish etish taqiqlangan.
Ulardan 8 tasi Telegram messenjerida, yana 8 tasi Facebook va 3 tasi Instagram platformalarida faoliyat olib boradi.
Ushbu sahifalar "Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunning 11-moddasini buzgan.
Unga muvofiq, O‘zbekiston hududiga olib kirilayotgan, tayyorlanayotgan, saqlanayotgan, tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan, OAVda tarqatilayotgan materiallar agar ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga oshkora da’vat qiladigan bo‘lsa, qonun hujjatlariga ko‘ra sud tomonidan ekstremistik materiallar deb topiladi hamda ularni olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlanadi.
166 ta taqiqlangan kanal, material va sahifalar orasida "Abu Saloh darsliklari", "Tavhid va Jihod", "Ayollar darslari silsilasi", "Jannat oshiqlari" kabilar bor.