Farg‘ona shahri va Bag‘dod tumaniga yangi hokim tayinlandi

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumani va Farg‘ona shahri hokimlari o‘zgardi.
Sputnik
TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. 24 yanvar kuni Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Vosiljon Nazarov nomzodi Farg‘ona shahar hokimi lavozimiga ma’qullandi.
Vosiljon Nazarov 1984-yil Buvayda tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2006-yildan moliya tizimida mehnat qilib kelgan, 2019−2021 yillarda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. 2021-yildan buyon esa Bag‘dod tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Yunusobod tumani hokimi o‘zgardi
Shu kuni xalq deputatlari Bag‘dod tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yusufjon Husainovning nomzodi Bag‘dod tumani hokimligiga tavsiya etildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Yusufjon Husainov nomzodi Bag‘dod tuman kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va u tuman hokimi etib tasdiqlandi.
Husainov 1983-yilda Toshloq tumanida tug‘ilgan. 2004-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2005-yildan iqtisodiyot tizimida mehnat qilib keladi. 2020-yildan buyon viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgandi.