TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov respublika O‘zbekiston va Eron orqali uchinchi mamlakatlarga elektr energiyasini eksport qilishning yaxshi imkoniyatlariga ega ekanini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti “Neytralniy Turkmenistan” gazetasiga tayangan holda xabar bermoqda.
Turkmaniston yetakchisi Dashoguz viloyatiga tashrifi davomida mamlakatning elektr energiyasini rivojlantirish masalalariga oid o‘tkazilgan yig‘ilishda bunday fikrni bildirgan.
Yig‘ilishda energetika bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Charimat Purchekov Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston elektr o‘tkazish liniyasi qurilishi hamda Afg‘onistonning Mazori Sharif shahridan Kobulgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgan loyiha haqida ma’lumot bergan.
“Hozir turkman elektr energiyasi qo‘shnilarimizga – Islom Eron Respublikasiga va Afg‘onistonga”, O‘zbekistonga hamda Qirg‘iz Respublikasiga yetkazib berilmoqda. Qolaversa, uni O‘zbekiston va Eron orqali uchinchi mamlakatlarga yetkazib berishning katta imkoniyati bor”, - degan Berdimuhamedov.
Nashrning yozishicha, “davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosariga sur’atni pasaytirmasdan, bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni davom ettirishni topshirgan”.