TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Kecha, 22-yanvar kuni, Toshkent shahrida 22 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida boks bo‘yicha qit’a birinchiligi boshlandi. Musobaqaning ilk kunini o‘zbekistonlik bokschi Javlonbek Yo‘ldoshev g‘alaba bilan boshladi.
Chempionatning ochilish marosimida Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlov, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotaiba, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.
-67 kg vazn toifasida Javlonbek Yo‘ldoshev o‘zbekistonlik bokschilar orasida birinchi bo‘lib ringga ko‘tarildi.
Unga saudiyalik bokschi raqiblik qildi. Yo‘ldoshev raqibining ustidan g‘alaba qozonib, keyingi davraga yo‘l oldi.
Bugun dastlab -57 kg vazn toifasida Dilshod Abdulmurodov iroqlik Muhammed Makassesga qarshi bahs olib boradi. -91 kg vazn toifasida Javohir Tog‘aymurodov esa tojikistonlik Davlat Boltayevga qarshi jang qiladi.