TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Navoiy viloyati Navbahor tumani YPX xodimini do‘pposlagan haydovchi hibsga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda yozilishicha, "Matiz" haydovchisi A.T. YPX inspektori D.T.ning xizmat olib borishiga to‘sqinlik qilib, uning qonuniy talablarini bajarmagan. Uni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib tajovuz qilgan.
Haydovchiga qarshi O‘zbekiston JKning “haqorat qilish” va “hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish” moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan.
A.T. tegishli tartibda ushlangan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Navoiyda "Matiz" haydovchisi avtomobilini jarima maydoniga olib ketayotgan YPX xodimini do‘pposlagani xabar qilingan edi.