TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqdilar.
“Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan savdo va logistika, mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sohalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi”, - deyiladi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabarida.
Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti tomonidan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.