Samarqandda IT tanlovi g‘olibiga berilgan eski noutbuk yangisiga almashtirib berildi

IT tanlovda g‘olib bo‘lgan o‘quvchiga eski noutbuk berilgani ortidan tuman XTB xodimi ishdan bo‘shatilib, tuman hokimi o‘rinbosariga hayfsan berildi.
Sputnik
TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Samarqand viloyatida IT tanlovi g‘olibi nurobodlik Sardor Sattorovga berilgan eski noutbuk yangisiga almashtirib berildi. Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, musobaqa viloyat hokimligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan.
2022 yilning 6-7 yanvar kunlari tanlovning shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilib, uning yakuniga ko‘ra viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan g‘oliblar aniqlangan. Viloyat bosqichida 180 nafar o‘quvchi qatnashgan. G‘oliblarga noutbuk, ikkinchi o‘rin sohiblariga planshet, uchinchi o‘rin egalariga esa mobil telefonlar sovg‘a qilingan.
Shu bilan birga, shahar va viloyat bosqichlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazilib, birinchi o‘rin g‘olibiga noutbuk, ikkinchi o‘ringa smartfon, uchinchi o‘ringa esa elektron kitoblar topshirilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada aks etgan 15 yoshli Sardor Sattorov tanlovning tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichiga yo‘l olgan, ammo sovrinli o‘rinni qo‘lga kirita olmagan. Tashkilotchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik tufayli unga noutbuk o‘rniga smartfon sovg‘a qilingan”, — deyiladi xabarda.
Tuman bosqichida g‘olib chiqqan Sattorovga endi yangi kompyuter sovg‘a qilingan. Shuningdek, IT Park delegatsiyasi yosh mutaxassislar bilan suhbatlashib, kelgusida faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga Python dasturlash tili va IT uchun ingliz tili bo‘yicha bepul kurslar taqdim etgan.
Bundan tashqari, yosh iste’dod egalariga “Coursera” platformasida mavjud maxsus kursga bepul kirish imkoniyati berilib, ularga brend sovg‘alari ulashilgan.
Xalq ta’limi vazirligi Nurobod tumanidagi 41-maktab 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattarovning "Bir million dasturchi" tanlovida foydalanilgan noutbuk berilgani to‘g‘risidagi videomurojaati ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.
Hozir bu voqea ortidan Nurobod tumani Xalq ta’limi bo‘limi ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish sho‘’basi bosh mutaxassisi D.A.ishdan bo‘shatilgan.
Bundan tashqari, Nurobod tumani hokimining farmoyishi bilan mazkur holatda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan hokim o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga hayfsan berilgan.