TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasida kuniga 10 ming qadam yurgan fuqarolarni rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy qilinmoqda. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma’lum qildi.
Platforma foydalanuvchilarini yanada ko‘proq rag‘batlantish maqsadida har hafta bitta 100 million so‘m miqdorida pul mukofoti va mingta velosiped o‘ynaladi.
Shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida jamoatchilik faollari, IT-mutaxassislari, jurnalist va blogerlardan iborat Jamoatchilik nazorati kengashi tashkil etiladi hamda barcha jarayonlar ustidan qat’iy nazorat olib boriladi.
Yangi rag‘batlantirish tizimi ishga tushgani munosabati bilan 2022-yil 16-yanvardan boshlab kuniga 10 ming qadam yurganlarga 3 ming so‘m berish to‘xtatiladi.
Lekin 15-yanvargacha 1hls.uz platformasida 10 ming qadam yurgan barcha fuqarolarga pullar to‘liq to‘lab berilishi aytilmoqda.