TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. O‘zbekiston hududida terrorchilik jinoyatlarni sodir etganligi uchun 23-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan “U.S.” xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi.
1967 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan “U.S.” 1998-yilda Chechenistonda jangovar tayyorgarlikdan o‘tib, 1999-yilning 16-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etadi va o‘sha yilning mart oyida aylanma yo‘llar orqali xorijga chiqib ketadi.
Shuningdek, “U.S.” iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga “Turkiston islom harakati”* xalqaro terrorchilik tashkilotining O‘zbekistondan bo‘lgan a’zolarini jo‘natish bilan ham shug‘ullangan.
“U.S.” 2001-yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga a’zo davlatlardan birining fuqaroligini olib, o‘sha mamlakat hududida yashirinib yurgan.
O‘zbekiston DXXning chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “U.S.” hibsga olindi.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti