Olmaotadan xohlovchilar O‘zbekistonga qaytariladi

TIV rasmiy vakilining ma’lum qilishicha, ular “Uzbekistan Airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali O‘zbekistonga qaytariladi.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, vazirlik qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi elchixonasi, Olmaota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.
TIV: O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘istonda hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q
Ma’lum qilinishicha, qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatilgan. Ularga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta’minlangan.
TIV vakili Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishda tezkor yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan.
“Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular “Uzbekistan Airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi”, - deyilgan xabarda.
Hozirda Olmaota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.
Mamlakat fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha O‘zbekistonning Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olmaota (+7 777 950 44 33) va Aqtau (+7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.